
Oq choy (Bai Cha) – an’anaviy Xitoy choyining turlaridan biri bo‘lib, tayyorlash jarayonida deyarli ishlov berilmaydi. Fermentatsiya darajasi 5-7% dan oshmaydi. Qaysidir maʼnoda uni “choy gerbariysi” deb ham atashimiz mumkin, chunki ishlab chiqarish jarayonida barglari buralib qolmaydi. Tayyorlash davomiyligi yashil choydagi kabi bir kundan ortmaydi, texnologik zanjiri esa undan ham qisqa. Shunga qaramay, sifatli va mazali oq choy olish uchun ko‘plab mayda tafsilotlarni hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Oq choy tarixi Tang sulolasi davri (taxminan 618-907 yillar) ga borib taqaladi. U 960-1279 yillarda, yaʼni Song imperatorlari davrida, oliy tabaqa tomonidan yuqori qadrlangan. Oʻsha davrlarda faqat aslzodalar uni xarid qila olganlar, chunki narxi juda baland boʻlgan. Afsonaga ko‘ra, keyinchalik oq choy manbaiga aylangan birinchi butani Taymu ismli ayol Taymushan tog‘laridan topgan. Ayol uning kurtaklaridan tayyorlangan damlama bilan bolalarni qizamiqdan davolagan. Keyinchalik ayol butalarni o‘z bog‘ida yetishtira boshlagan va qo‘shnilariga o‘simliklarni qanday parvarishlash kerakligini o‘rgatgan. Oq choyga zamonaviy ishlov berish texnikasini Syao (Xiao) choy ustalari oilasi XVIII asrda Fujian shimolida birinchi bo‘lib qo‘llaganlar. Ular tejamli ishlab chiqarish maqsadida barglarni burishtirish va qovurishni jarayondan chiqarib tashlashgan. Hozirgi kunda Bai Cha ishlab chiqaruvchi asosiy hudud, bu - Fujian viloyati bo‘lib, undagi Fuding shahri, Jianyang, Sungsi (Songxi), Jenghe (Zhenghe) tumanlari va Guangsi (Guangxi) avtonom viloyatlarida ushbu choy ishlab chiqariladi.