
Da Hong Pao choyi eng mashhur Xitoy choylaridan biridir. Bu haqda juda ko‘p maqolalar, kitoblar, filmlar va video-reportajlar yaratilgan, lekin asl Da Hong Pao juda kam uchraydi. Shunchalar kamki, agar siz Forbes boʻyicha dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatiga kirmasangiz, uni tatib ko‘rish nasib qilishi amrimahol. Asl Da Hong Pao`ni faqat Fujian viloyatining shimol-g‘arbida, Vuyi (Wuyi) tog‘larida to‘rttagina butada yetishtirishadi. 1972-yilda AQSh prezidenti Richard Nikson 50 gramm haqiqiy Da Hong Pao`ni sovg‘a sifatida olgan; bu choyning narxi bugungi kurs bo‘yicha 250 000 dollar bo‘lardi. Xitoyda Da Hong Pao nomi bilan sotiladigan choylar — bu ona butalardan chiqqan “avlodlar” boʻlib, ular shu iqlim zonasida yetishtiriladi. Xafa bo‘lmang, garchi sotib olgan Da Hong Pao`yingiz toza nasldan bo‘lmasa ham, u baribir ajoyib, mazali, foydali va ilhomlantiruvchi choydir. Da Hong Pao nomi xitoychadan “katta qizil xalat” deb tarjima qilinadi. Ushbu nomning kelib chiqishi haqidagi afsonaning koʻplab variatsiyalari mavjud. Ulardan birida rivoyat qilinishicha, 1385-yilda Ding Sian (Ding Xian) imperatorlik imtihonlarini topshirayotgan edi. Kun juda issiq bo‘lgani sababli, ibodatxona yonidan oʻtib ketayotib, o‘zini yomon his qiladi va hushidan ketadi. Uning baxtiga, yaqin atrofda Tian Sin Si (Tian Xin Si) ibodatxonasining rohibi bor edi. Rohib unga Da Hong Pao choyidan ichiradi. Choy shifobaxsh boʻlib chiqadi. Yigitcha tezda tiklanib, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshiradi va imperator unga ajdaho tasvirli qizil xalatni hadya etadi. Ding Sian minnatdorchilik yuzasidan xalatni avvalo uni qutqargan rohibga beradi, lekin u buddaviylik rohibi boʻlgani sababli uni rad etadi. Shunda, Ding Sian o‘z qizil xalatini Da Hong Pao butalariga sovg‘a qiladi.